
📊 XOTIN-QIZLARNING IQTISODIY IMKONIYATLARINI KENGAYTIRISH BO‘YICHA TADQIQOT NATIJALARI O‘zbekistonda 2025-yilda jami bandlar tarkibida xotin-qizlar ulushi 43,1 foizni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan...
📊 XOTIN-QIZLARNING IQTISODIY IMKONIYATLARINI KENGAYTIRISH BO‘YICHA TADQIQOT NATIJALARI O‘zbekistonda 2025-yilda jami bandlar tarkibida xotin-qizlar ulushi 43,1 foizni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 0,4 foiz punktga oshgan. Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi va tadbirkorlik imkoniyatlariga moliyaviy resurslardan foydalanish, oilaviy qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy savodxonlik, kasbiy bilim va ko‘nikmalar, shuningdek, trening va mentorlik dasturlarida ishtirok etish kabi omillar ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. 📌 Tadqiqot haqida Joriy yilda Institut tomonidan respublikaning barcha hududlarida 2 398 nafar xotin-qiz ishtirokida sotsiologik so‘rov o‘tkazildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning 7,7 foizi hozirda o‘z biznesini yuritmoqda, 51,7 foizi esa biznes ochish istagini bildirgan. Bu amaldagi tadbirkorlar soniga nisbatan taxminan 6,7 baravar yuqori bo‘lgan yashirin tadbirkorlik salohiyati mavjudligini ko‘rsatadi. 🔹 Oilaviy qo‘llab-quvvatlash va bandlik Turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi xotin-qizlarning iqtisodiy faollik ehtimolini 2,64 baravar oshirgan. Umumiy oilaviy qo‘llab-quvvatlash indeksi bandlik imkoniyatini 1,49 baravar oshirgan bo‘lsa, oilaviy qarshilik ishga joylashish ehtimolini 66,3 foizga kamaytirgan. Haftasiga 6–12 soat qo‘shimcha uy mehnati bandlik ehtimolini 54,1 foizga, 12 soatdan ortiq uy mehnati esa 75,4 foizga pasaytirgan. Har bir qo‘shimcha uy mehnati soati to‘liq bandlik ehtimolini o‘rtacha 6,4 foizga kamaytirishi aniqlangan. 🔹 Moliyaviy resurslar va tadbirkorlik Kreditga ehtiyoj bildirgan xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlash ehtimoli boshqa respondentlarga nisbatan 5,15 baravar yuqori bo‘lgan. Oilaviy qo‘llab-quvvatlash tadbirkorlikka kirish imkoniyatini 2,06 baravar oshirgan. Shaharda yashash tadbirkorlik istagini 1,33 baravar oshirgan bo‘lsa, Farg‘ona vodiysida ushbu ko‘rsatkich boshqa hududlarga nisbatan 46,3 foiz past bo‘lgan. 🔹 Moliyaviy savodxonlikning ahamiyati Moliyaviy savodxonlik indeksidagi har bir ballga o‘sish biznesni davom ettirish ehtimolini 2,2 foizga, faoliyatni kengaytirish rejasiga ega bo‘lish ehtimolini esa 2,5 foizga oshirgan. Indeksning 10 ballga ko‘tarilishi biznes barqarorligi ehtimolini 24,6 foizga, faoliyatni kengaytirish ehtimolini 28,4 foizga oshirgan. 🔹 Trening va mentorlik dasturlari Tadbirkorlik treninglarida ishtirok etgan respondentlarning biznesni kengaytirish rejasiga ega bo‘lish ehtimoli boshqa respondentlarga nisbatan 4,69 baravar yuqori bo‘lgan. Mentorlikning alohida ta’siri statistik jihatdan ahamiyatli bo‘lmagan. Biroq trening va mentorlik xizmatlarining intensivligi oshgani sari biznesni rivojlantirish ehtimoli 2,48 baravargacha ko‘paygan. 🔹 Qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida xabardorlik Dasturlar haqida oddiy xabardorlik ulardan foydalanishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan. Biroq dastur samaradorligiga ishonch ulardan foydalanish ehtimolini 40,5 foizga, axborotning tushunarli va aniq yetkazilishi esa 28,3 foizga oshirgan. 🔹 Daromadni mustaqil boshqarish imkoniyati Qishloqda yashovchi xotin-qizlarning o‘z daromadini mustaqil boshqarish ehtimoli shahar ayollariga nisbatan 1,87 baravar yuqori bo‘lgan. Bandlik daromadni mustaqil boshqarish ehtimolini 2,19 baravar, oliy ma’lumot esa 1,43 baravar oshirgan. 📍 Tadqiqotning asosiy xulosalari Tahlil natijalari oilaviy qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy savodxonlik, ta’lim va tadbirkorlik ko‘nikmalarining rivojlanishi xotin-qizlarning biznesni kengaytirish salohiyati bilan ijobiy bog‘liqligini ko‘rsatdi. Mazkur tendensiyalar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish va ularning tadbirkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun muhim imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi. ➡️Bizni kuzatib boring: