Asosiy / Yangiliklar / Tashqi migratsiyaga ta’sir etuvchi omillar aniqlandi 🧐“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston hududlarida tashqi migratsiya jarayonlari bilan ijtimoiy-demografik va mehnat bozo...
Tashqi migratsiyaga ta’sir etuvchi omillar aniqlandi 🧐“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston hududlarida tashqi migratsiya jarayonlari bilan ijtimoiy-demografik va mehnat bozo...
Yangiliklar📅 1 Iyul 2026👁 111 ko'rishlar

Tashqi migratsiyaga ta’sir etuvchi omillar aniqlandi 🧐“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston hududlarida tashqi migratsiya jarayonlari bilan ijtimoiy-demografik va mehnat bozo...

Tashqi migratsiyaga ta’sir etuvchi omillar aniqlandi 🧐“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston hududlarida tashqi migratsiya jarayonlari bilan ijtimoiy-demografik va mehnat bozori ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashga qaratilgan ilmiy tadqiqot amalga oshirildi. 📊Tadqiqotning empirik bazasini 2011–2025-yillarda respublikaning 13 ta hududi bo‘yicha shakllantirilgan 195 ta panel kuzatuv tashkil etdi. Tahlilda hududlar va vaqt kesimidagi farqlarni hisobga olish imkonini beruvchi qat’iy effektlar va tasodifiy effektlar ekonometrik modellaridan foydalanildi.

Modellar orasidan statistik jihatdan maqbul variantni tanlash maqsadida Hausman testi o‘tkazildi. Test natijalariga ko‘ra, hududlarning vaqt davomida o‘zgarmaydigan o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi qat’iy effektlar modeli asosiy baholash usuli sifatida tanlandi.

O‘tkazilgan ekonometrik tahlil natijalari tashqi migratsiya ko‘rsatkichlari bilan ayrim ijtimoiy-demografik va mehnat bozori omillari o‘rtasida statistik jihatdan ahamiyatli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan:

— 0–15 yoshli aholi sonining 1,0 foizga ortishi tashqi migratsiya ko‘rsatkichining o‘rtacha 1,83 foizga oshishi bilan bog‘liq ekani aniqlandi;

— har 1 000 ta nikohga to‘g‘ri keladigan ajralishlar sonining 1,0 foizga ortishi tashqi migratsiya ko‘rsatkichining o‘rtacha 1,08 foizga oshishi bilan bog‘liqligi qayd etildi;

— shahar joylarda istiqomat qiluvchi ayollar sonining 1,0 foizga ortishi tashqi migratsiya ko‘rsatkichining o‘rtacha 0,67 foizga oshishi bilan bog‘liq ekani belgilandi;

— hududlarda erkaklar ishsizlik darajasining 1,0 foizga ortishi tashqi migratsiya ko‘rsatkichining o‘rtacha 0,19 foizga oshishi bilan bog‘liqligi kuzatildi. 🕯Qat’iy effektlar modeli bo‘yicha determinatsiya koeffisiyenti 0,737 ni tashkil etdi. Bu model doirasida tashqi migratsiya ko‘rsatkichidagi o‘zgarishlarning qariyb 73,7 foizi tanlangan omillar va hududlarga xos qat’iy effektlar orqali izohlanishini anglatadi.

Tadqiqot natijalari tashqi migratsiya faqat ishsizlik yoki daromad olish istagi bilan belgilanmasligini ko‘rsatdi. Mazkur jarayon demografik bosim, urbanizatsiya, oilaviy barqarorlik va hududiy mehnat bozori imkoniyatlarining o‘zaro ta’sirida shakllanadi. Ilmiy natijalar asosida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar taklif etildi:

— yoshlar bandligiga doir davlat va hududiy dasturlarni demografik prognozlar hamda mehnat bozorining istiqboldagi ehtiyojlari asosida shakllantirish;

— ishsizlik va migratsiya faolligi yuqori bo‘lgan hududlarda barqaror va munosib ish o‘rinlarini ko‘paytirish;

— oilaviy nizolar va nikohdan ajralishlarning ijtimoiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan profilaktik, psixologik va huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish;

— xotin-qizlar tashqi migratsiyasining mehnat, ijtimoiy himoya va oilaviy munosabatlarga ta’sirini tizimli monitoring qilish;

— hududlar kesimida tashqi migratsiya xavfini baholashga mo‘ljallangan ilmiy asoslangan indikatorlar tizimi va integral indeksni ishlab chiqish;

— xorijdan qaytgan fuqarolarning kasbiy malakasi, mehnat tajribasi va tadbirkorlik ko‘nikmalaridan milliy iqtisodiyotda samarali foydalanish mexanizmlarini kengaytirish. ⚠️Mazkur tadqiqot natijalari tashqi migratsiyani ilmiy asosda tartibga solish, hududiy bandlik siyosatini takomillashtirish, inson kapitalini saqlash va aholining ijtimoiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda amaliy ahamiyat kasb etadi.

Boshqa yangiliklar

Barcha yangiliklar →
📧

Obuna bo'ling

Yangiliklar va e'lonlarni birinchi bo'lib oling