
Tashqi migratsiyaga demografik omillar ta’siri: ilmiy tahlil natijalari 🧐“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududlarida tashqi migratsiya jarayonlariga ta’sir...
Tashqi migratsiyaga demografik omillar ta’siri: ilmiy tahlil natijalari 🧐“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududlarida tashqi migratsiya jarayonlariga ta’sir etuvchi demografik omillar ekonometrik jihatdan tahlil qilindi. 📊Tadqiqotda 2011–2025-yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri bo‘yicha shakllantirilgan panel ma’lumotlar asosida Pooled OLS modeli qo‘llanildi. Modelda tashqi migratsiyaga ta’sir etuvchi omillar sifatida 0–4 yoshdagi aholi soni, nikoh koeffisiyenti, tug‘ilishning yig‘indi koeffisiyenti hamda qishloq joylarda yashovchi ayollar sonining ta’siri baholandi.
🧮Tahlil natijalari tashqi migratsiya jarayonlari demografik rivojlanish omillari bilan statistik jihatdan ahamiyatli bog‘liqlikka ega ekanini ko‘rsatdi. Xususan, 0–4 yosh guruhidagi aholi sonining 1,0 foizga ortishi tashqi migratsiya hajmining 1,26 foizga oshishi bilan izohlanadi. Bu holat demografik o‘sish kelgusida mehnat bozoriga qo‘shimcha bosim shakllantirishi mumkinligini anglatadi.
📊Shuningdek, model natijalariga ko‘ra, tug‘ilishning yig‘indi koeffisiyenti 1,0 foizga oshganda tashqi migratsiya 0,51 foizga, qishloq joylarda yashovchi ayollar soni 1,0 foizga oshganda esa tashqi migratsiya 0,49 foizga ortishi aniqlandi. Bu natijalar demografik tarkib va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar tashqi migratsiya jarayonlariga ta’sir etuvchi muhim omillar ekanini tasdiqlaydi.
⚖️Nikoh koeffisiyenti tashqi migratsiyaga teskari ta’sir ko‘rsatuvchi muhim ijtimoiy omil sifatida namoyon bo‘ldi. Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, nikoh koeffisiyentining 1,0 foizga ortishi tashqi migratsiya hajmining 0,17 foizga kamayishi bilan izohlanadi. Ushbu natija oila institutining mustahkamlanishi aholining hududiy barqarorligi, ijtimoiy integratsiyasi va migrasion qarorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ilmiy jihatdan tasdiqlaydi. 🔭Xulosa qilib aytganda, tashqi migratsiya demografik o‘zgarishlar, oilaviy barqarorlik va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy-iqtisodiy jarayon hisoblanadi. Shu bois ushbu yo‘nalishdagi ilmiy tahlillar migratsiya siyosatini takomillashtirish, aholi bandligini oshirish va hududiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda muhim amaliy ahamiyatga ega.