
#qadriyat
#qadriyat
Oilaviy qadriyatlar har bir jamiyatning asosi bo‘lib, ular milliy madaniyat va ijtimoiy tuzumga qarab turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Oilaning o‘rni davlatlar va xalqlarning tarixiy, diniy va madaniy xususiyatlariga qarab farqlansa-da, umumiy maqsadlar bir: avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, farzandlarni tarbiyalash va oila birdamligini avaylab-asrash. Ayniqsa, zamonaviy globallashuv sharoitida oilaviy qadriyatlarning ahamiyati yanada oshmoqda, chunki ular inson o'zligini saqlab qolishi hamda jamiyatning ijtimoiy muvozanatini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi.
📌Qadriyat rukni orqali ba'zi davlatlardagi oila institutiga munosabat, oilaviy qadriyat tizimining o'ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar berib boramiz.
✔️Janubiy Koreyada xodimlarning oilalari mustahkamligini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun alohida sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim farzandli bo‘lish, bola parvarishini qo‘llab-quvvatlash yoki kichik yoshdagi farzandlari bo‘lgan xodimlar uchun moslashuvchan ish vaqti rejimini joriy etgan tashkilot va korporatsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan.
✔️Shuningdek, Janubiy Koreyada haftaning chorshanba kunida “Oilaviy muhabbat kuni” aksiyasini o‘tkazish targ‘ib etiladi. Aksiya doirasida barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlayotgan xodimlar ishdan o‘z vaqtida chiqishlari va kunning qolgan qismini oila a’zolari bilan birgalikda o‘tkazishlari tavsiya etiladi.
✔️Yaponiyada rasmiy oila qayd kitobi ya’ni “koseki” an’anasi mavjud. Bu qayd kitobi barcha oilalardan o‘z a’zolarining tug‘ilgan joyi, tug‘ilgan sanasi, oilaning boshqa hududga ko‘chishi, nikoh, ajralish, farzandlikning tan olinishi, farzandlikka olish va vafot etish kabi ma’lumotlarni xabar qilishni talab etadi.