
#podkast_sharhi
#podkast_sharhi
"Raqamli inqilob yoxud yangi tengsizlik: Sun'iy intellektning gender oqibatlari" 📱
📈 Generativ sun’iy intellekt global miqyosda mehnat bozorini jadal transformatsiya qilib, qator sohalarda mehnat unumdorligini oshirmoqda hamda kasbiy funksiyalarni qayta shakllantirmoqda. Biroq mazkur jarayonning ta’sir ko‘lami gender nuqtai nazaridan mutanosib emas. Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) so‘nggi hisobotiga ko‘ra, xotin-qizlar ushbu texnologik o‘zgarishlar bilan bog‘liq potensial xavf-xatarlarga erkaklarga nisbatan ko‘proq zaif qatlam hisoblanar ekan.
🌎 Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) “Mehnat kelajagi” (Future of Work) podkastining navbatdagi sonida tashkilotning gender tengligi va kamsitmaslik bo‘yicha texnik eksperti hamda hisobot hammuallifi Anam Butt ushbu dolzarb masalalarni chuqur tahlil qiladi. Xususan, u nima sababdan avtomatlashtirilish xavfi yuqori bo‘lgan kasblarda xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil etishi, nima uchun ular sun’iy intellekt va STEM sohalarida ozchilik bo‘lib qolayotgani, shuningdek, SI tizimlari mavjud noxolis qarashlar va stereotiplarni qanday qilib qayta yuzaga chiqarishi mumkinligini yoritib beradi. Podkastda quydagi ikkita tezis keltirilib o’tilgan:
1. Xotin-qizlar mehnatining avtomatlashuv xatari. An'anaviy raqamli tizimlardan farqli o'laroq, generativ sun'iy intellekt (Gen SI) insonning kognitiv funksiyalarini imitatsiya qilgan holda, mustaqil ravishda matn, vizual va boshqa turdagi kontentlarni yaratish salohiyatiga ega. Tahliliy ma'lumotlar xotin-qizlar bandligi yuqori bo'lgan segmentlarning Gen SI ta'siriga uchrash xavfi erkaklar dominantlik qiladigan sohalarga nisbatan salkam ikki marotaba yuqori (29 foiz va 16 foiz) ekanligini ko'rsatmoqda. Bu xotin-qizlarning asosan ma'muriy boshqaruv, ofis menejmenti, axborotni qayta ishlash hamda kadrlar hisobi kabi qat'iy standartlashtirilgan, algoritmga solish oson bo'lgan (rutin) kasblarda konsentratsiyalashgani bilan izohlanadi. O'z navbatida, erkaklar bandligi ko'proq strategik qarorlar qabul qilishni, murakkab tahliliy yondashuvni yoxud avtomatlashtirish inersiyasi past bo'lgan jismoniy mehnatni talab etuvchi sohalarga to'g'ri kelmoqda.
2. Algoritmik noxolislik va tarixiy xatolarning qayta takrorlanishi. Tadqiqotlarga ko'ra, sun'iy intellektning eng jiddiy xatarli xususiyati uning jamiyatdagi eng katta empirik va tarixiy ma'lumotlar bazasiga tayanishidadir. Agar neyrotarmoqlarni o'qitish bazasida institutsional kamsitish normalari mavjud bo'lsa, algoritm ularni obyektiv standart sifatida qabul qiladi va amaliyotda qayta joriy qiladi. Masalan, rekruting jarayonidagi saralash algoritmlarining muayyan irq vakillariga yoki erkaklarga xos ismlarga afzallik berishi, shuningdek, ish haqi belgilash tizimlarining avvalgi daromadlar tarixiga tayanishi natijasida mehnat bozoridagi surunkali gender tafovutlari saqlanib qolayotgani amaliyotda tasdiqlangan. Mazkur omil, ayniqsa, yosh, etnik mansubligi va nogironligi kabi bir qator ijtimoiy omillar kesishuvida diskriminatsiyaga yuz tutadigan xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy zaifligini yanada kuchaytiradi.
Shu bilan birga, ekspert texnologik transformatsiyalar va gender tengligi bir-birini inkor etuvchi maqsadlar bo'lmasligi, oqilona siyosat, xolis yondashuv va qat’iy siyosiy iroda orqali mazkur jarayonlar bir-birini uzviy to‘ldirishi va mustahkamlash kerakligi, sun’iy intellekt texnologiyalari jamiyatning barcha a’zolari uchun munosib ish o‘rinlarini yaratishi hamda xodimlar huquqlarini to‘laqonli ta’minlashi uchun uni inklyuziv asosda loyihalash va o‘ta mas’uliyat bilan amaliyotga joriy etish talab qilinish kerakligi haqida fikrini bildirgan.