
🧠 PANIK ATAKA — BU ODDIY STRESS EMAS!...
🧠 PANIK ATAKA — BU ODDIY STRESS EMAS! Tasavvur qiling: siz odatdagidek kundalik ishlaringiz bilan bandsiz. Birdan yuragingiz tez ura boshlaydi, nafasingiz qisadi, qo‘llaringiz titraydi. Sizni kuchli qo‘rquv qamrab oladi. Go‘yo hozir qandaydir dahshatli hodisa yuz beradigandek tuyuladi. Bu panik ataka — vahima xuruji belgisi bo‘lishi mumkin. 🔹 Panik ataka nima? Panik ataka — to‘satdan yuzaga keladigan va qisqa vaqt ichida kuchayadigan kuchli qo‘rquv yoki xavotir xurujidir. Bunday paytda inson o‘zini nazorat qila olmayotgandek, hatto hayoti xavf ostida qolgandek his qilishi mumkin. Aslida, vahima xuruji vaqtida organizmning xavfga qarshi himoya reaksiyasi faollashadi. Bu holat ba’zan aniq tashqi xavf bo‘lmagan vaziyatda ham yuz berishi mumkin. 💡 Vahima xuruji paytida o‘zingizga qanday yordam berishingiz mumkin? 🧊 1. Sovuq yordamida diqqatingizni jamlang Qo‘lingizga sovuq buyum oling yoki bilaklaringizni salqin suvda yuving. Sovuqlikni his qilishga e’tibor qarating. Bu usul diqqatingizni qo‘rqinchli fikrlardan chalg‘itib, hozirgi vaziyatga qaytishga yordam berishi mumkin. 🛡 2. O‘zingizni xavfsiz joyda tasavvur qiling Ko‘z oldingizga o‘zingizni xotirjam va xavfsiz his qiladigan joyni keltiring. Bu dengiz bo‘yi, sokin bog‘ yoki uyingizdagi sevimli joyingiz bo‘lishi mumkin. O‘sha joydagi ranglar, tovushlar va yoqimli manzaralarni tasavvur qiling. 🤲 3. Barmoqlar yordamida nafas mashqini bajaring Bir qo‘lingizni ochib, barmoqlaringizni yoying. Ikkinchi qo‘lingizning ko‘rsatkich barmog‘i bilan ochiq qo‘lingiz barmoqlarining chetlari bo‘ylab harakatlaning. Barmoq bo‘ylab yuqoriga harakatlanganda sekin nafas oling, pastga tushganda esa sekin nafas chiqaring. Shu tarzda barcha besh barmoq bo‘ylab mashqni takrorlang. Nafasni chuqur olishga majburlamang. Muhimi, o‘zingizga qulay va tabiiy nafas ritmini saqlashdir. 🎨 4. Xotirjamlikni his qilishga harakat qiling Tasavvur qiling, hozir sizdan hech kim hech narsa talab qilmayapti. Boshqalarning kutganlariga moslashishingiz yoki o‘zingizni kimlargadir isbotlashingiz shart emas. Siz shunchaki tinch joydasiz. Atrofingiz osoyishta. O‘zingizga bir oz vaqt ajrating va xotirjamlikni his qilishga harakat qiling. ☑️ UNUTMANG! Vahima xuruji paytida qo‘rquv juda kuchli bo‘lishi mumkin. Biroq uning alomatlari odatda vaqt o‘tishi bilan susayadi. Shunday vaziyatda o‘zingizga quyidagilarni eslatishingiz mumkin: 💬 «Men hozir kuchli xavotirni his qilyapman. Bu holat vaqtinchalik bo‘lishi mumkin. Men o‘zimga yordam berishga va asta-sekin tinchlanishga harakat qilaman». ❗️ Muhim: Ushbu mashqlar vahima xurujini yengillashtirishga yordam berishi mumkin, ammo professional davolanishning o‘rnini bosmaydi. Agar xurujlar takrorlansa, mutaxassisga murojaat qiling. Kuchli ko‘krak og‘rig‘i, hushdan ketish yoki jiddiy nafas qisilishi kuzatilsa, shoshilinch tibbiy yordam chaqiring. ☑️ Vahima xuruji — zaiflik belgisi emas. Uni tushunish, alomatlarini boshqarishni o‘rganish va zarur yordamni olish mumkin. ➡️Bizni kuzatib boring: