
Nega odamlar yashash joyini o‘zgartiradi? Ichki migratsiyaning asosiy omillari 📊Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda jami ko‘chib kelganlarning 62,1 foizi (157 ming nafar) hudud ichida...
Nega odamlar yashash joyini o‘zgartiradi? Ichki migratsiyaning asosiy omillari 📊Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda jami ko‘chib kelganlarning 62,1 foizi (157 ming nafar) hudud ichidagi migratsiya hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan qariyb ikki barobarga oshgan. Shu bilan birga, hududlararo migratsiya ulushi 37,4 foizni (94,6 ming nafar) tashkil etdi, tashqi migratsiya esa atigi 0,5 foiz darajasida saqlanib qoldi. Bu mamlakatda aholi harakatchanligining asosiy qismi ichki migratsiya hisobiga ta’minlanayotganini ko‘rsatadi. 🧐"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekistonda ichki migratsiya jarayonlariga ta’sir etuvchi demografik, ijtimoiy va iqtisodiy omillarni baholashga qaratilgan kompleks ilmiy tadqiqot amalga oshirildi. 🔭Tadqiqot O‘zbekistonning 14 ta hududi, 2010–2025-yillar davri hamda 195 ta panel kuzatuv ma’lumotlari asosida zamonaviy ekonometrik tahlil usullari orqali o‘tkazildi.
✔️Tadqiqot natijalari ichki migratsiya jarayonlari, avvalo, iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholi daromadlari, mehnat bozori imkoniyatlari hamda demografik omillar bilan uzviy bog‘liq ekanligini ko‘rsatdi.
✔️Ekonometrik model natijalariga ko‘ra:
Aholi jon boshiga daromadlar 1 foizga oshganda ichki migratsiya hajmi o‘rtacha 1,42 foizga ortadi. Bu iqtisodiy jihatdan rivojlangan hududlar aholi uchun asosiy jalb qiluvchi omil ekanligini tasdiqlaydi.
📈Bandlik darajasi 1 foizga oshganda ichki migratsiya hajmi 3,15 foizga kamayadi. Mazkur natija hududlarda yangi ish o‘rinlarining yaratilishi aholining o‘z yashash joyini tark etish ehtiyojini sezilarli darajada kamaytirishini ko‘rsatadi.
Nikoh koeffisiyenti 1 foizga oshganda ichki migratsiya 0,46 foizga oshishi, tug‘ilish koeffisiyenti 1 foizga oshganda esa 0,25 foizga kamayishi aniqlandi. Bu demografik jarayonlar ham aholining hududiy harakatchanligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ilmiy jihatdan tasdiqlaydi.
⚖️Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki migratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi omili iqtisodiy rivojlanish, aholi daromadlari va mehnat bozori imkoniyatlari hisoblanadi. Shu bilan birga, nikoh, tug‘ilish va aholining demografik tarkibi migratsiya jarayonlarining uzoq muddatli shakllanishiga ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida baholandi. Mazkur tadqiqot natijalari hududiy rivojlanish siyosatini takomillashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish hamda ichki migratsiya jarayonlarini samarali boshqarish bo‘yicha davlat qarorlarini qabul qilish uchun muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.