
Mehnat kodeksi: huquq va kafolatlar yuzasidan muhim savollar...
Mehnat kodeksi: huquq va kafolatlar yuzasidan muhim savollar 📈Amaliyotda mehnat munosabatlarida gender tenglikni ta’minlash, oilaviy vazifalarni bajarish bilan bog‘liq kafolatlar hamda xotin-qizlarning mehnat huquqlariga doir ko‘plab savollar uchraydi. Mazkur masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi normalari asosida aniq va amaliy tushuntirishlar beriladi. Savollarga "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti bo'lim boshlig'i Xurshida Saydivaliyeva javob beradi. ❓Xotinning ishlashi erining roziligiga bog‘liqmi?
✔️YO‘Q. Mehnat kodeksining 5-moddasi (Mehnat erkinligi prinsipi)ga ko‘ra, har kim mehnat qilish qobiliyatini erkin tasarruf etish, kasb va ish joyini erkin tanlash huquqiga ega. Ayolning ishlashi uchun erining roziligi talab etilmaydi – bu majburiy mehnatga olib kelishi mumkin. ❓ Ish beruvchi ayol xodimni tungi smenaga qo‘yishdan bosh tortishi mumkinmi – bu kamsitishmi?
✔️ Bu kamsitish EMAS, agar u mehnatning muayyan turiga xos talablar yoki homilador ayollar, emizikli onalar kabi guruhlarni himoya qilish maqsadida bo‘lsa (MK 4-modda). Ya’ni bu asoslangan farqlash hisoblanadi va qonuniydir. ❓Gender tenglik prinsipi faqat ayollarga nisbatan qo‘llaniladimi?
✔️YO‘Q. Mehnat kodeksining 4-moddasi “jinsi” bo‘yicha kamsitishni taqiqlaydi, demak bu ham ayollarga, ham erkaklarga nisbatan teng qo‘llaniladi. Masalan, erkak ham bola parvarishi bo‘yicha ta’til olishi mumkin va bu borada kamsitilmasligi kerak. ❓Nogironligi bo‘lgan ayol yoki erkak xodim ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligiga haqlimi?
✔️HA. I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi majburiy tartibda belgilanadi. Mehnat kodeksining 183-moddasi ikkinchi qismi: “Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi: ... I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga (ushbu Kodeks 427-moddasining birinchi qismi)”. ❓Yolg‘iz ona (14 yoshgacha bolasi bor) birinchi ish yilida 6 oy ishlamasdan ta’til olish huquqiga egami?
✔️HA. 6 oy ishlamasdan oldin ham uning xohishiga ko‘ra ta’til berilishi kerak. Mehnat kodeksining 227-moddasi uchinchi qismi: “Olti oy oʻtguniga qadar xodimning xohishiga koʻra quyidagilarga har yilgi mehnat taʼtili beriladi: ... oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta yoki undan ortiq bolani ... tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga ...)”. ❓Ikki yoshgacha bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar qanday beriladi?
✔️ Mehnat kodeksining 407-modda ga ko‘ra:
Har 3 soatda kamida 30 daqiqa tanaffus;
Ikki va undan ortiq bola bo‘lsa – kamida 1 soat;
Bu tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanadi. ❓Oilaviy vazifalar tufayli ishdan bo‘shatishga yo‘l qo‘yiladimi?
✔️YO‘Q. Mehnat kodeksining 4-moddasida “oilaviy vazifalarni bajarish bilan band bo‘lgan shaxslar” ga nisbatan asoslangan farqlash (ya’ni ularni qo‘llab-quvvatlash) kamsitish emas, deyilgan. Demak, ularni himoya qilish maqsadida qo‘shimcha kafolatlar berilishi mumkin, lekin aynan shu sabab bilan ishdan bo‘shatish – noqonuniydir. 📍 Xulosa: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi ayollar va erkaklarning mehnat huquqlarini himoya qilishda kuchli kafolatlar beradi. Jinsi, oilaviy ahvoli, homiladorligi yoki nogironligi sababli kamsitish qat’iy taqiqlanadi. Har bir xodim o‘z huquqlarini bilishi va buzilgan taqdirda sud hamda mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishi mumkin. Ish beruvchilar esa qonun talablariga qat’iy rioya qilishlari shart. Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi (2023-yil 28-apreldan kuchga kirgan)