
Maktabgacha yoshdagi bolalar kuniga necha soat telefondan foydalanmoqda?
Maktabgacha yoshdagi bolalar kuniga necha soat telefondan foydalanmoqda?
🔭Mutaxassislarning fikricha, bolaning ijtimoiy ko‘nikmalari va jamiyatga moslashuvi tengdoshlari bilan muloqot, o‘zgalar his-tuyg‘ularini tushunish va do‘stlashish orqali shakllanadi. Biroq bugungi axborot asrida ko‘plab bolalar go‘daklik chog‘idanoq telefon va gadjetlar bilan ulg‘aymoqda. Bu — davr taqozosimi yoki ota-onalarning befarqligimi?
🧮“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti yosh olimlari o‘tkazgan so‘rovda ota-onalardan farzandi kuniga telefon, planshet yoki televizor qarshisida qancha vaqt o‘tkazishi so‘raldi. So‘rovda ishtirok etgan 320 nafar ota-onaning javoblari quyidagicha taqsimlandi:
• 30.3% bola – kuniga 1 soatgacha;
• 31.3% bola – 1-2 soatgacha;
• 19.7% bola – 2-3 soatgacha;
• 6.9% bola esa 3 soatdan ko‘p yoki umuman cheklovsiz vaqtini ekran qarshisida o‘tkazar ekan.
Bolalarning atigi 11,9 foizi gadjetlardan umuman foydalanmaydi yoki kuniga 30 daqiqagacha vaqt sarflaydi.
🌎Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, 3–4 yoshli bolalar ekran qarshisida kuniga 1 soatdan ortiq vaqt o‘tkazmasligi kerak, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa ekran umuman tavsiya etilmaydi. Sababi — ekran qarshisida uzoq o‘tirgan bolada axborotni passiv qabul qilish odati shakllanadi: u multfilm qahramonini ko‘radi, lekin u bilan bahslasha olmaydi, o‘yinchog‘ini ulashmaydi, yon berish yoki kelishishni o‘rganmaydi.
Telefon qaramligining salbiy oqibatlari:
Nutqning kechikishi.
Bola nutqni shunchaki eshitish orqali emas, balki jonli muloqot, ota-onaning yuz ifodasi va munosabati, savol-javob hamda suhbatdagi navbatni his qilish orqali o‘zlashtiradi.
Emotsional beqarorlik.
Telefon olib qo‘yilsa, bola asabiylashadi, yig‘laydi yoki injiqlik qiladi. Chunki u o‘zini mustaqil tinchlantirishni emas, telefon orqali yengillik topishga o‘rganib qoladi.
Sog‘liq muammolari.
Uzoq vaqt ekran qarshisida o‘tirish ko‘z zo‘riqishi, uyqu buzilishi, kamharakatlilik va tana holatining noto‘g‘ri shakllanishi xavfini oshiradi. Ayniqsa, kechki paytdagi ekran bola miyasini tinchlantirish o‘rniga qo‘zg‘atadi: natijada bola kech uxlaydi, uyquga ketishi qiyinlashadi yoki ertalab horg‘in uyg‘onadi. Maktabgacha yoshda sifatli uyqu — miya rivojlanishi, xotira, kayfiyat va immunitet uchun muhim omil.
Diqqat yetishmasligi.
Ekran bolaga tayyor, tez almashinuvchi, kuchli rang va ovozlarga boy axborotni taqdim etadi. Jonli o‘yinda esa bola kutadi, navbat oladi, quradi, buzadi, yana urinib ko‘radi — ya’ni diqqat va irodani mashq qiladi. Shu bois uzoq va nazoratsiz ekran vaqti bolani sabr talab qiladigan mashg‘ulotlardan tez zerikishga o‘rgatib qo‘yishi mumkin.
Buning oldini olish uchun nima qilish mumkin?
O‘zingiz namuna bo‘ling.
Bola sizdan o‘rnak oladi. Uyga kelganingizda smartfonni chetga surib, farzandingizga e’tibor qarating.
Oilaviy qoidalar belgilang. Dasturxon atrofida ovqatlanayotganda va uxlashdan 1–2 soat oldin telefon ishlatmaslikni qat’iy qoidaga aylantiring.
Mustaqil o‘ynashga o‘rgating.
Bola biroz zeriksa, darhol qo‘liga telefon tutqazmang — aynan zerikish bolada tasavvur va ijodkorlikni uyg‘otadi.
Foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltiring. Telefonni shunchaki tortib olmang — uning o‘rniga muqobil taklif eting: birgalikda rasm chizing, kitob o‘qing, xamir yoki plastilindan shakllar yasang yoxud havoda sayr qiling.
⚖️Xulosa. Gadjetlar ota-onalar uchun qulay “raqamli enaga” vazifasini bajarishi mumkin, biroq ular bolaga jamiyatda yashashni hech qachon o‘rgata olmaydi. Bolaning haqiqiy ijtimoiy ko‘nikmalari tengdoshlari davrasida o‘ynaganda, yiqilib-turganda va ota-onasi bilan jonli muloqotda bo‘lgandagina shakllanadi.
Odiljon Yakubov,
"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti