
#kitobga_sharh
#kitobga_sharh
“Ko‘rinmas ayollar” gender tengsizlikning yashirin qirralarini ochib beruvchi asar
🌐Caroline Criado Perezning 2019-yilda nashr etilgan "Invisible Women" kitobi gender tengsizlikni faqat ochiq kamsitish, sterotiplar bilan emas, balki ma’lumot yig‘ish, siyosat ishlab chiqish, texnologiya va kundalik hayotni tashkil etish jarayonlariga singib ketgan tizimli muammo sifatida yoritadi.
Kitobda dunyo “erkak tajribasi” asosida qurilgani, shu sabab ayollar ehtiyojlari va hayotiy tajribasi ko‘pincha yetarli darajada hisobga olinmaganligi tahlil qilinadi.
📊Asarning eng kuchli jihati shundaki, u o‘quvchini juda oddiy, ammo muhim savol ustida o‘ylashga undaydi. Jamiyatda yaratilayotgan tizimlar, xizmatlar va qarorlar haqiqatan ham hamma uchun tengmi? Muallif turli misollar orqali shuni ko‘rsatadiki, ayollar tajribasi ma’lumotlarda aks etmasa, tenglik haqidagi tasavvur ham to‘liq bo‘la olmaydi.
📈Asar gender masalasiga faqat huquqiy yoki ijtimoiy emas, balki ilmiy va boshqaruv nuqtayi nazaridan qarashga yordam beradi. Masalan, kitobda tibbiyot, transport, mehnat bozori va texnologiya sohalarida ayollar tajribasi yetarli hisobga olinmasa, yaratilayotgan tizim “hamma uchun” deb taqdim etilsa ham, amalda hamma uchun birdek qulay bo‘lmasligi ko‘rsatiladi. Ya’ni muammo faqat ayollarga imkoniyat berilmayotganida emas, balki ularga doir ma’lumotning o‘zi kam yig‘ilayotganida ham namoyon bo‘ladi. Natijada siyosat, xizmat yoki texnologiya tashqi ko‘rinishda neytral bo‘lsa-da, ichki mazmunida teng bo‘lmay qoladi.
💬Kitobdan chiqaradigan asosiy xulosa shuki, gender tenglikni ta’minlash uchun faqat qonunlarning o‘zi yetarli emas. Buning uchun statistika, rejalashtirish, xizmatlar sifati va raqamli infratuzilmada ham ayollarning real ehtiyojlari to‘liq inobatga olinishi zarur. Invisible Women shu jihatdan bugungi kitobxonni jamiyatdagi ko‘rinmas tengsizliklar haqida chuqurroq o‘ylashga undaydigan, dolzarb va o‘qishga arzigulik asardir.