
📌 Ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi yangi tizim: murojaat endi nazorat ostida bo‘ladi
📌 Ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi yangi tizim: murojaat endi nazorat ostida bo‘ladi
2026-yil 21-sentabrda “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, bunday holatlar yuzasidan murojaatlarni xavfsiz va xolis ko‘rib chiqish hamda natijalarni nazorat qilishning yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Yangi raqamli tizim joriy etiladi
2026-yil 1-dekabrgacha “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portali ishga tushirilishi belgilangan.
Portal orqali:
✔️ tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlar elektron shaklda qabul qilinadi;
✔️ murojaatlarni ko‘rib chiqish va tegishli dalillarni to‘plash jarayonlari raqamlashtiriladi;
✔️ tekshiruv yakunlari va ko‘rilgan choralar tizimda qayd etiladi;
✔️ manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida tegishli mansabdor shaxs ustidan kelib tushgan murojaat yuqori turuvchi instansiyaga yo‘naltiriladi;
✔️ huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari aniqlangan hollarda vakolatli organlarga “112” yagona dispetcherlik xizmati orqali ma’lumot yuborish mexanizmi qo‘llaniladi.
✔️ Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari har yili qisqa trening kurslarida o‘qitiladi. Har bir tashkilotda portalni yuritish va profilaktik treninglarni tashkil etish uchun kamida bir nafar mas’ul xodim belgilanadi.
✔️ Nodavlat tashkilotlar uchun ham dmi.mehnat.uz tizimida mazkur imkoniyatlardan ixtiyoriy foydalanish sharoiti yaratiladi.
🌐 Bu xalqaro gender ko‘rsatkichlari uchun ham muhim
Mazkur islohot Jahon bankining Women, Business and the Law (WBL) baholash tizimidagi “Xavfsizlik” yo‘nalishi bilan ham uzviy bog‘liq.
WBL ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini baholashda faqat qonunchilik mavjudligiga emas, balki uni amalga oshirish mexanizmlari va amaliy ijrosiga ham e’tibor qaratadi.
Shu nuqtayi nazardan, ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi aniq murojaat mexanizmining yaratilishi, jarayonlarning raqamlashtirilishi, monitoring va profilaktik choralar samarali ishlashi O‘zbekistonning kelgusi WBL baholashlarida, xususan “Xavfsizlik” yo‘nalishidagi natijalarini yaxshilashga xizmat qilishi mumkin.
➡️Bizni kuzatib boring: