
#huquqiy_minbar
#huquqiy_minbar
Aliment majburiyati: huquq va majburiyatlar bo‘yicha muhim savollar
📈Amaliyotda aliment to‘lash majburiyati ko‘pincha boshqa oilaviy munosabatlar bilan aralashtirib yuboriladi. Quyida ushbu masalalar bo‘yicha amaldagi qonunchilik asosida tushuntirish beriladi.
Savollarga "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Rasulbek Hojiyev javob beradi.
❓Farzandni o‘zi bilan olib qolgan taraf “aliment kerak emas” desa, aliment to‘lash majburiyati bekor bo‘ladimi?
✔️Yo‘q, bekor bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 96-moddasiga muvofiq, voyaga yetmagan bolalarni ta’minlash ota-onaning majburiyati hisoblanadi. Ushbu majburiyatdan voz kechish yoki uni rad etish mumkin emas.
❓Bolani ko‘rsatmasa, aliment to‘lamaslik mumkinmi?
✔️Yo‘q, mumkin emas. Bolani ko‘rish huquqi va aliment to‘lash majburiyati o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan alohida huquqiy munosabatlardir. Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona har qanday holatda ham bolani ta’minlashi shart.
❓Bolam bilan ko‘rishmasam ham aliment to‘lashim shartmi?
✔️Ha, shart. Oila kodeksining 96-moddasi ota-onaga bolani ta’minlash majburiyatini yuklaydi va bu majburiyat bolani ko‘rish yoki ko‘rmaslik holatiga bog‘liq emas.
❓Farzand boshqa nikohdan tug‘ilgan bo‘lsa, aliment huquqi saqlanadimi?
✔️Ha, saqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda oila qonunchiligiga ko‘ra, barcha bolalar teng huquqlarga ega. Oila kodeksining 96-moddasiga muvofiq, ota-ona barcha voyaga yetmagan bolalarini ta’minlashi shart.
📍Xulosa: Aliment majburiyati ota-onaning shaxsiy munosabatlariga emas, balki bolaning qonuniy manfaatlariga bog‘liq bo‘lib, uni boshqa huquqlar yoki nizolar bilan bog‘lab bekor qilish mumkin emas.