
#huquqiy_minbar
#huquqiy_minbar
Aliment masalalari bo‘yicha eng ko‘p beriladigan savollar
Ajrimdan keyingi davrda aliment to‘lash tartibi bilan bog‘liq savollar amaliyotda tez-tez uchramoqda. Quyida ushbu masalalar bo‘yicha amaldagi qonunchilik asosida tushuntirish beriladi.
🎙Savollarga "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari doktori Xurshida Saydivaliyeva javob beradi.
😀Ishsiz bo‘lsam, aliment to‘lashim shartmi?
✔️Ha, shart. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 96-moddasiga muvofiq, ota-ona voyaga yetmagan bolalarini ta’minlashga majbur. Ishsiz bo‘lish ushbu majburiyatni bekor qilmaydi.
😀Rasman ishlamasam, aliment qanday hisoblanadi?
✔️Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, aliment undirish tartibi sud tomonidan belgilanadi. To‘lovchining rasmiy daromadi mavjud bo‘lmaganda, aliment miqdori uning doimiy yashash hududidagi o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblab chiqiladi.
😀Daromadim kamayib ketsa, aliment miqdori o‘zgaradimi?
✔️Ha, o‘zgarishi mumkin. Buning uchun sudga murojaat qilib, aliment miqdorini qayta ko‘rib chiqishni so‘rash kerak.
😀Yangi oilamdan farzandlarim bo‘lsa, aliment miqdori kamayadimi?
✔️Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aliment miqdori avtomatik tarzda kamaytirilmaydi.
😀Eslatma: Sudga, yangi holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar (masalan, tug‘ilganlik guvohnomasi) ilova qilgan holda aliment miqdorini kamaytirish uchun ariza berish mumkin.
😀Aliment oluvchi “aliment kerak emas” desa, to‘lash majburiyati bekor bo‘ladimi?
✔️Yo‘q, bekor bo‘lmaydi. Oila kodeksining 96-moddasiga muvofiq, aliment ota-ona uchun emas, balki voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun to‘lanadi va bu majburiyatdan voz kechish mumkin emas.
😀Bola ota bilan yashasa, ona ham aliment to‘laydimi?
✔️Ha. Oila kodeksining 97-moddasiga ko‘ra, ota-onaning bolani ta’minlash majburiyati teng hisoblanadi. Shu bois bola kim bilan yashasa, ikkinchi tomon aliment to‘lash majburiyatiga ega bo‘ladi.
😀Xulosa: Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aliment majburiyati ota-onaning ajralmas huquqiy majburiyati bo‘lib, u bolaning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Ushbu majburiyatni bajarmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.