
Homiladorlik va bolani parvarishlash ta’tillari: ota-onalar bilishi shart...
Homiladorlik va bolani parvarishlash ta’tillari: ota-onalar bilishi shart bo‘lgan huquqlar 📈 Amaliyotda bolani parvarishlash bilan bog‘liq ta’tillar, nafaqalar va kafolatlar haqida ko'plab savolar mavjud, quyida Mehnat kodeksining tegishli moddalari asosida ushbu masalalar izohlab beriladi. Savollarga "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Rasulbek Hojiyev javob beradi. ❓Homiladorlik va tug‘ish ta’tili necha kun beriladi va nafaqa qanday miqdorda to‘lanadi? ✔️Tug‘ruqqacha 70 kalendar kun, tug‘ruqdan keyin 56 kalendar kun (qiyin tug‘ish yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilganda — 70 kun) ta’til beriladi. Nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining kamida 75 foizi miqdorida to‘lanadi (MK 404-modda). ❓Bolani ikki yoshga to‘lguniga qadar parvarishlash ta’tilidan faqat ona foydalana oladimi?
✔️Yo‘q. Bu ta’tildan ayolning xohishiga ko‘ra otasi, buvisi, bobosi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham foydalanishi mumkin (MK 405-modda). ❓Ikki yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan qo‘shimcha ta’til pullimi? ✔️Yo‘q. Bu davrda ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til beriladi, faqat 2 yoshgacha bo‘lgan davr uchun nafaqa to‘lanadi (MK 405-modda). ❓Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lgan xodim ishlashi mumkinmi?
✔️Ha, xohishiga ko‘ra to‘liqsiz ish vaqti shartlarida yoki uyda ishlashi mumkin, bunda nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi (MK 405-modda). ❓Bolani parvarishlash ta’tillari mehnat stajiga qo‘shiladimi?
✔️Ha, bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili umumiy mehnat stajiga kiradi. Biroq jamoa shartnomasida boshqacha kelishilmagan bo‘lsa, yillik mehnat ta’tili huquqini beruvchi stajga kiritilmaydi (MK 405-modda). ❓Farzandlikka olingan chaqaloq uchun ham shunday ta’til va nafaqa beriladimi?
✔️Ha. Bola farzandlikka olingan kundan boshlab, uning tug‘ilgan kunidan e’tiboran 56 (yoki 70) kun to‘lguncha nafaqali ta’til, so‘ngra 2 yoshgacha nafaqa bilan, 3 yoshgacha esa ish haqisiz ta’til beriladi (MK 406-modda). ❓Ikki yoshgacha bolasi bor xodimga ish vaqtida qo‘shimcha tanaffus beriladimi?
✔️Ha, har uch soatda kamida 30 daqiqadan (ikki va undan ortiq bola bo‘lsa — kamida 1 soat) tanaffus beriladi. Bu vaqt ish vaqtiga kiritilib, o‘rtacha ish haqi bo‘yicha to‘lanadi, shuningdek ota-onaning xohishiga ko‘ra ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilishi mumkin (MK 407-modda). ❓Uch yoshgacha bolasi bor ayol yoki bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan otani ishdan bo‘shatish mumkinmi?
✔️Mumkin, ammo faqat qat’iy belgilangan uchta asos bo‘yicha: tashkilot tugatilishi, mehnat majburiyatlarini muntazam buzish yoki bir marta qo‘pol buzish (MK 409-modda). ❓Ota bolani parvarishlash bo‘yicha kafolatlardan foydalanishi uchun qanday hujjat taqdim etishi kerak?
✔️U onaning yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxsning ushbu kafolatlardan foydalanmayotganini tasdiqlovchi hujjatni (masalan, ish joyidan ma’lumotnoma) taqdim etishi lozim (MK 410-modda).