
Demografik prognoz: yoshlar sonining o‘sishi oila institutiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? ✔️Aholining yosh tarkibidagi o‘zgarishlar oila va nikoh jarayonlarining kelgusi rivojlanishiga ta’sir etuvchi mu...
Demografik prognoz: yoshlar sonining o‘sishi oila institutiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? ✔️Aholining yosh tarkibidagi o‘zgarishlar oila va nikoh jarayonlarining kelgusi rivojlanishiga ta’sir etuvchi muhim demografik omillardan hisoblanadi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda 14–30 yoshli aholi sonida biroz kamayish kuzatilgan. Xususan, ushbu yosh guruhi 2021-yilda 9 685,6 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2025- yilga kelib 9 628,0 ming kishiga tushgan.
Bu holat, avvalo, oldingi yillardagi tug‘ilish dinamikasi bilan bog‘liq. Xususan, 1996–2012-yillarda tug‘ilishlar soni nisbatan past bo‘lib, mazkur davrda o‘rtacha yillik tug‘ilishlar soni 575 ming atrofida bo‘lgan. 2003-yilda esa 508,4 ming nafar tug‘ilish qayd etilgan.
Istiqbolda vaziyat qanday o‘zgaradi? “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan prognoz natijalari kelgusida 14–30 yoshli aholi soni sezilarli o‘sishini ko‘rsatmoqda. Demografik prognozlarga ko‘ra, yoshlar soni 2030-yilda – 10 413,8, 2040-yilda – 13 271,6, 2050-yilda – 14 925,1 ming kishi bo‘lishi kutilmoqda. ✔️Shu bilan birga, 2026–2033 yillarda 14–30 yoshli aholi soni mutlaq miqdorda o‘sishiga qaramay, uning jami aholi tarkibidagi ulushida pasayish tendensiyasi saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda. 2034-yildan boshlab esa yoshlarning jami aholi tarkibidagi ulushi ham o‘sish bosqichiga o‘tishi kutilmoqda.
Yoshlar sonining istiqbolda o‘sishi, asosan, tug‘ilishlar soni yuqori bo‘lgan avlodlarning 14–30 yosh guruhiga kirib kelishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, ushbu dinamikaga migratsiya va boshqa demografik omillar ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu oila instituti uchun nimani anglatadi? ✔️Yoshlar sonining ko‘payishi oila va nikoh jarayonlarining demografik bazasi kengayishiga zamin yaratadi. Nikoh yoshiga yetib kelayotgan aholi sonining ortishi kelgusida potensial nikohlar va yangi oilalar sonining ko‘payishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirib, uy-joy, bandlik va barqaror daromad, maktabgacha ta’lim, tibbiy xizmatlar, reproduktiv salomatlik hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga talabning ortishiga olib keladi.